Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori Yuriy Buryakov shaxmat tarixida muhim kashfiyot qildi. 1990 yilda u Samarqandning qadimiy qismi – Afrosiyobda olib borilgan qazilmalar davomida fil suyagidan yasalgan 7 dona shaxmat haykalchasini topdi. Bu, hozirgacha topilgan eng to‘liq shaxmat to‘plami hisoblanadi. 1996 yilda yapon arxeologlari O‘zbekiston janubidagi qadimiy Dalvarzintepa hududida Kushon imperiyasi davriga oid ikkita noyob shaxmat haykalchasini aniqlashdi. Bu esa miloddan avvalgi II asrdayoq qadimiy O‘zbekistonda shaxmat o‘yinining mavjud bo‘lganini anglatadi.