Chempionatning standart yo‘nalishi 11 turdan iborat bo‘lib, ishtirokchilarga 90 daqiqa va har yurishga 30 soniya vaqt nazorati belgilanadi. Ushbu jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 11 nafar shaxmatchisi qatnashmoqda. O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi 1-turda grossmeysterimiz Muhiddin Madaminov oq donalarda o‘ynagan bo‘lsa-da, hindistonlik Vedant Nagarkatt bilan durangga rozi bo‘ldi. Muhammadzohid Suyarov qora donalar bilan ispaniyalik Roberto Florinni mag‘lub etdi. Asrorjon Omonov va Miraziz Matyoqubov ham dastlabki turda g‘alaba qozonishdi.