Joriy yilning, 24–26 iyul kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan “Last Chance Qualifier” xalqaro musobaqasi kibersport bo‘yicha Jahon kubogiga yo‘llanma beruvchi eng muhim saralash bosqichlaridan biri bo‘ldi.
Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi — 50 000 AQSH dollari, unda 4 nafar eng kuchli shaxmatchi “Esports World Cup Chess” musobaqasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi ko‘zda tutilgan edi.
24–25 iyul kunlari musobaqaning 1-bosqich uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar “A”, “B”, “C” va “D” guruhlarga bo‘lingan holda, shveysarcha tizimda 7 turdan iborat bahslarda o‘zaro bellashdilar.
“Last Chance Qualifier” xalqaro turnirida grossmeysterlarimizdan Yakubboev Nodirbek (2663) “B” guruhida, Sindarov Javohir (2722) esa “C” guruhida ishtirok etdi.
Yakubboev Nodirbek 7 tur yakuniga ko‘ra 5 ochko jamg‘arib, 5-o‘rinni egalladi va musobaqa reglamenti asosida turnirni tark etdi.
Javohir Sindarov esa “C” guruhida 7 turdan 5,5 ochko to‘plab, 3-o‘rinni egalladi. Ushbu natijasi bilan u “Playoffs” bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston sharafini himoya qilgan grossmeyster Javohir Sindarov musobaqaning barcha bosqichlarida haqiqiy kuch va matonat namunalarini ko‘rsatdi:
•1/8 final – Aleksey Sarana (2686) ustidan 1.5:0.5 hisobida g‘alaba;
•Chorak final – Blits bo‘yicha jahon chempioni Aleksandr Grischukni 1.5:0.5 hisobida mag‘lub etdi;
•Yarim final – kuchli amerikalik grossmeyster Hans Niemann bilan jang 2:2 hisobida yakun topdi;
•Ammo Armageddon hal qiluvchi partiyada Sindarov g‘alaba qozondi va final bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi!