2026-yilning 14–21-aprel kunlari Serbiyaning Vrnjachka-Banya shahrida FIDE Jahon kadetlar va yoshlar rapid hamda blits shaxmat chempionati (FIDE World Cadet & Youth Rapid and Blitz Chess Championships 2026) bo'lib o'tadi.
Ushbu yirik xalqaro musobaqada dunyo bo'ylab 8 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan yosh shaxmatchi o'g'il va qizlar ishtirok etadi. Chempionat FIDE qo'llab-quvvatlashida Serbiya shaxmat federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan.
O'zbekiston shaxmat federatsiyasi qo'shimcha tarkibga qo'shilishni istagan shaxmatchilardan arizalar qabul qilayotganini e'lon qildi. Arizalar 9-fevralga qadar qabul qilinadi. Tarkibga kiritilish uchun ota yoki ona tomonidan yozma ariza taqdim etilishi hamda hamrohlik qiluvchi shaxsning ma'lumotlari ko'rsatilishi lozim.
Musobaqa nizomi haqida batafsil ma'lumotni federatsiyaning rasmiy veb-saytidan olish mumkin.