Kuni kecha, FIDE bilan hamkorlikda tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston shaxmat jamoatchiligi uchun muhim bo‘lgan ikki yirik voqea muhokama qilindi:
2026-yilda mamlakatimizda o‘tkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasi – bu nufuzli musobaqa shaxmat olamida eng muhim tadbirlardan biri hisoblanib, unda yuzlab mamlakatlarning kuchli jamoalari qatnashadi. Olimpiadani yuqori saviyada o‘tkazish masalalari, tashkiliy jihatlar va xalqaro hamkorlik doirasi yuzasidan fikr almashildi.
Hozirda Samarqand shahrida davom etayotgan “FIDE Grand Swiss 2025” turniri – musobaqaning tashkilotchilik darajasi, qatnashchilarga yaratilgan sharoitlar va xalqaro shaxmat ahli tomonidan bildirilgan iliq fikrlar alohida e’tirof etildi.
FIDE vakillari O‘zbekistonning shaxmatdagi yutuqlarini, davlatimizda yaratilayotgan imkoniyatlarni hamda xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan musobaqalarning yuksak saviyasini yuqori baholadilar.
Bu yig‘ilish shaxmatni mamlakatimizda yanada rivojlantirish, xalqaro maydonda O‘zbekiston nufuzini oshirish va kelgusi yirik musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.